«Raqamli tibbiyot tizimlari va texnologiyalari» mavzusidagi halqaro ilmiy konferentsiya
Butun dunyoda tibbiyot raqamli imkoniyatlardan faol foydalanib kelinmoqda. Shifoxonaga yotqizish talab qilinmaydigan bemorlar telemedisina orqali masofadan ko’rikdan o’tkazila boshladi. Bu olis va borish qiyin bo’lgan hududlarda yashovchi bemorlarni davolashga ko’maklashish, shuningdek, masofaviy tibbiy yordamni rivojlantirishga ham xizmat qildi.
2023 yil 4-6 oktyabr kunlari Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat texnika universiteti, «LETI» nomidagi Sankt-Peterburg Davlat elektrotexnika universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi 1-son ichki kasalliklar kafedrasi bilan xamkorlikda «raqamli tibbiyot tizimlari va texnologiyalari» mavzusida xalqaro ilmiy konferentsiya o’tdi. Konferentsiyani Toshkent Davlat texnika universiteti rektori professor S.M.Turabdjanov tabrik so’zi bilan ochib berdi. Konferentsiyada Toshkent tibbiyot akademiyasi 1-son ichki kasalliklar kafedrasi professor o’qituvchilari ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar. Konferentsiyada O’zbekiston Respublikasi innovasion rivojlanish vazirligi etomonidan moliyalashtirilgan «sun’iy intellektning zamonaviy usullari asosida elektrokardiografik signallarni tahlil qilish, qayta ishlash va masofaviy monitoring qilish algoritmik-dasturiy kompleksini ishlab chiqish» mavzusidagi ijrochilarning ma’ruzalari tinglandi.
Toshkent tibbiyot akademiyasi 1-son ichki kasalliklar kafedrasi mudiri t.f.D., professor N.M.Nurillaeva «yurak ritmi variabelligi:texnik va prognostik asoslari» mavzusidagi ma’ruzasini taqdim etdi. Telemedisina axborot-kommunikasiya texnologiyalari (mobil va shahar telefoni, videokonferentsiya, messenjer) yordamida masofadan turib tibbiy xizmat ko’rsatish va soha xodimlarining o’zaro muloqotidir. U nafaqat erta tashxis qo’yish va istalgan bemorni zudlik bilan davolay boshlash imkoniyatini beradi, balki shifokorlarning vaqti va kuchini tejaydi — mijoz yoniga bormasdan turib yordam berishini ta’minlaydi.
Telemedisina xizmatining eng ko’p tarqalgan turlari mavjud. Jumladan:
Real vaqt rejimidagi telemedisina. Tibbiyot mutaxassislari bemorlar bilan xuddi qabuldagi kabi yuzma-yuz onlayn muloqot qiladi. Bunday seanslar odatda kasallik tarixini ko’rish, ko’rikdan o’tish, bemor ahvolini baholash va ba’zi davolash usullarini taqdim etish uchun o’tkaziladi.
Bemorni masofadan turib ko’zdan kechirish. Tibbiyot xodimlari davolanish rejasini amalga oshirish chog’ida bemorlar ahvolining yaxshilanib borishini, maslahat uchun shifokor qabuliga kelishni talab qilmay kuzatish imkoniyatiga ega. Telemedisinadagi ba’zi echimlar qulay, bunda bemor haqidagi ma’lumotlarni darhol uni nazorat qilib turgan butun boshli guruhga etkazish va elektron tibbiy kartasiga ma’lumotlarni qo’shish imkoni mavjud.
Shifokorlarning o’zaro mutanosib harakati va maslahatlashuvi. Telemedisina texnologiyalaridan foydalangan holda shifokorlar o’zaro yoki boshqa ixtisoslikdagi mutaxassislar bilan tezkor maslahatlashib olishi mumkin. Bu esa bemorlarga ko’rsatiladigan yordam darajasini sezilarli oshiradi.
Tibbiy ma’lumotlarni saqlash va yuborish. Telemedisinadan foydalanishning asosiy omillaridan biri tegishli mutaxassislarga osongina jo’natilishi mumkin bo’lgan tibbiy ma’lumotlarni (tahlillar natijalari, hayotiy faoliyat belgilari, laboratoriya hisoboti va Profil hujjatlari) oraliq saqlashdir.
Tibbiy vizualizasiya. U telemedisinaning davolash guruhi va tashqi maslahatchilar o’rtasida rentgen suratlari va boshqa tasvirlar almashinuvini tezlashtiradigan echimi. Ushbu jarayondan foydalangan holda, xususan, rentgenolog-mutaxassis istalgan vaqtda tasvirlarni o’rganishi va tezda tahlilni taqdim etishi mumkin.
Xorijlik ekspertlarning tadqiqotiga ko’ra, telemedisinani joriy etish sog’liqni saqlash xarajatini 15-20 foizga kamaytirish, tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatini 20 foizga oshirish hamda tibbiy yordam sifatini 20 foizga yaxshilash imkonini beradi.
Joriy etishning afzalliklari
Telemedisinaning bir qancha asosiy afzalliklarini keltirish mumkin.
Bemorlarni qamrab olish imkoniyati kengayadi. Telemedisina olis hududlardagi bemorlarga eng yaxshi tibbiy yordam, jumladan, etakchi shifokorlar va klinikalar tavsiyalaridan foydalanish imkonini beradi.
Klinikadagi ish jarayoni yaxshilanadi. Telemedisina platformasi bemorlarni davolashda asosiy chora-tadbirlarni belgilash jarayonini soddalashtiradi va tezlashtiradi. O’zaro muloqotni sezilarli darajada yaxshilaydi va ma’lumotlarning ishonchli to’planishini ta’minlaydi.
Tibbiy yordam ko’rsatishning yanada tejamkor usuli shakllanadi. Bunday holatda tibbiyot muassasasining qo’shimcha xarajati sezilarli darajada kamayadi. Shuningdek, telemedisina uchun kamroq vaqt sarflanishi hisobiga shifokor va tibbiy xodimlarga ko’proq bemorlarni qabul qilish imkoni yaratiladi, bu esa mutaxassislar uchun ko’proq haq to’lanadigan vaqt oshishini anglatadi. Bundan tashqari, dastlabki bosqichda telemedisina xizmatlarini taklif qilish uchun zarur bo’lgan dasturiy echimlar ko’p xarajat talab qilmaydi.
Bemorlar uchun xarajat kamayadi. Umuman olganda, telemedisina seansi shifokor yoki hamshiraning bemor bilan telefon, noutbuk yoki boshqa raqamli qurilma orqali maslahatlashuvini o’z ichiga oladi. Bu esa bemorning safar, turar joy, ovqatlanish va qisqa muddatli ta’til uchun sarflanishi kerak bo’lgan xarajatlarini kamaytiradi.
Bunday xizmatdan bemorlarning ko’ngli to’ladi. Telemedisina xizmatini ko’rsatuvchilar tomonidan o’tkazilgan tadqiqot natijalariga qaraganda, telemedisina bemorlar orasida ancha ommalashgan. Bu ularning shunday platformalardan foydalanishga bildirgan ijobiy munosabatida ham aks etadi.
Ta’kidlash joizki, telemedisina shifokorlarning tashxis qo’yish va davolashni boshqarish imkoniyatiga ko’proq bog’liq bo’lgan va muayyan jarayonlar talab etilmaydigan tibbiy mutaxassisliklar uchun dolzarb ahamiyatga ega. Bunda psixiatriya, yuqumli kasalliklar, kardiologiya, shifoxonaga yotqizish, ona va bola salomatligi, nefrologiya, endokrinologiya, pulmonologiya va reanimasiya kabi ixtisosliklar bo’yicha xizmatlar telemedisina orqali stasionar va ambulator sharoitida ko’rsatilishi mumkin.
Sog’liqni saqlash tizimiga axborot texnologiyalarining to’g’ri integrasiyasini yo’lga qo’yish talab etiladi. Tibbiy yordam ko’rsatishda telemedisina texnologiyalaridan samarali foydalanish uchun o’quv dasturlari hamda kurslarni joriy etish orqali tibbiyot xodimlarini qayta tayyorlashga e’tibor qaratish, ish samaradorligini oshirish zarur.
Aholining telemedisina afzalliklari va yashash joyidan qat’i nazar (borish qiyin bo’lgan va chekka hududlarda), telemedisina xizmatlaridan foydalanish imkoniyati to’g’risida xabardorligini oshirish muhim ahamiyatga ega. Masalan, so’nggi yillarda Kanada virtual tibbiyotni joriy etish orqali aholining tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatini sezilarli darajada kengaytirishga muvaffaq bo’ldi. Ya’ni shifokorlar bemorlarga tibbiy maslahat berish uchun videoaloqa orqali uzoq hududlarga ulanmoqda.
Ma’ruzalar so’ngida hamkor olimlar ham o’z fikr mulohazarini bildirib, bu hamkorlikni kelajakda yanada davom ettirishni tilab qoldilar.
Toshkent tibbiyot akademiyasi 1-son ichki kasalliklar
kafedrasi mudiri t.f.D., professor N.M.Nurillaeva